FATVOLARSavol & Javob Platformasi
Кирилча
Bosh sahifa » Ibodatlar » Tahorat va namoz
Tarqating
Saqlang
Qidirsh
Yuklab oling
Chop eting

Tahorat qilish tartibi

1. Niyat qilish

Tahorat olish uchun, iloji boʻlsa, qiblaga yuzlaniladi.

Qalbda tahorat olish uchun niyat qilinadi. Til bilan niyatni talaffuz qilish shart emas.

2. Qoʻllarni yuvish

Qoʻllar bandigacha uch marta yuviladi. Barmogʻida uzugi bor kishi uni qimirlatib, ostiga suv yetkazadi. Barmoqlarni bir-birining orasiga kirgiziladi.

3. Ogʻiz va burun chayish

Oʻng qoʻlga suv olib, bir harakat bilan ogʻiz va burunga uch marta suv olinadi. Har suv olganda gʻargʻara qilib ogʻiz chayiladi va burun qoqiladi.

Yanada koʻproq savobga erishish uchun tishlarni misvok yoki tish yuvish pastasi bilan, yoki qoʻl bilan ishqalab yuvish mumkin.

4. Yuzni yuvish

Yuz yuviladi – uch marta. Yuzning chegarasi uzunasiga soch chiqqan joydan jagʻning ostigacha, kengligi esa ikki quloq yumshogʻining orasigacha boʻlgan oʻrindir.

5. Qoʻllarni tirsakkacha yuvish

Avval oʻng qoʻl, soʻng chap qoʻl tirsak bilan qoʻshib uch marta yuviladi.

6. Masʼh tortish

Hovuchga suv olib toʻkib tashlab, qoʻli bilan boshning hamma qismiga bir marta masʼh tortiladi.

Koʻrsatkich barmoq bilan quloq ichiga masʼh tortib, bosh barmoq bilan esa quloq tashqarisiga masʼh tortiladi.

7. Oyoqlarni yuvish

Chap qoʻl bilan oʻng oyoqni oshiq (toʻpiq) bilan qoʻshib va barmoqlar orasini (ishqalab) uch marta yuviladi.

Chap oyoq ham shu tarzda uch marta yuviladi.

Namoz oʻqish tartibi

1. Niyat qilish

Namoz vaqti kirgach, tahorat olib, pok kiyim bilan, pokiza joyda turib, qiblaga yuzlanamiz va qanday namoz oʻqishimizni qalbdan oʻtkazamiz.

Tilimizda «Falon namozning qanchadir rakʼatini oʻqishga niyat qildim» deyish shart emas, aksincha, niyatning oʻrni qalb boʻlgani uchun uni tilda talaffuz qilmagan afzal.

Qanday namoz oʻqimoqchi ekaningizni qalbingizdan oʻtkazishingizning oʻzi kifoya.

2. Takbiri tahrima

Soʻng «Allohu akbar» deb, qoʻlning barmoqlarini oʻz holida ochiq tutib, quloq yoki yelkalar barobarida koʻtaramiz. Keyin oʻng qoʻlni chap qoʻlning ustiga qoʻyib, kindik ostida bogʻlaymiz.

Allohu akbar.
اللَّهُ اكْبَرُ
Maʼnosi: Alloh buyukdir.

3. Qiyom

Agar imomga iqtido qilgan boʻlsak, «sano»dan boshqa narsani aytmaymiz.

«Subhanakallohumma va bihamdika, va tabarokasmuka, va taaʼla jadduka va laa ilaaha gʻoyruk».
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ، وَتَبَارَكَ اسْمُكَ، وَتَعَالَى جَدُّكَ، وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ.
Maʼnosi: «Allohim! Seni poklab hamding bilan yod etaman. Sening noming tabarrukdir, kibriyoing ulugʻdir, Sendan oʻzga iloh yoʻqdir».

Soʻngra ichimizda «Aʼuzu billahi minash shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym»ni aytamiz.

Aʼuzu billahi minash shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym.
أَعُوذُ بِاللَّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ
Maʼnosi: Quvilgan shayton yomonligidan Allohning panohini soʻrayman. Rohman va Rohiym Allohning nomi ila (boshlayman).

Fotiha surasini oʻqiymiz. Keyin «Omiyn» deymiz.

Eslatma: Ulamolar Qurʼon oyatlarini boshqa alifbolarda yozish Qurʼonning maʼnolari buzilishiga sabab boʻlgani sababli uni arab alifbosidan boshqa alifboda yozishdan qaytarganlar. Shu sababli suralarni oʻqishni yoki arabchadan oʻrganing yoki ovozli shaklidan tinglab yodlab oling. Shuningdek, namozda Qurʼon oyatlarining oʻzbekcha maʼnolari tarjimasini oʻqish ham joiz emas. Namoz uchun zarur boʻlgan suralarni ushbu sahifaning «Suralar» boʻlimidan vaqtincha oʻrganib namoz oʻqib turishingiz mumkin. Ammo eng afzali biror ahli ilmdan namoz uchun zarur boʻlgan suralarni oʻrganib olishingiz lozim.
الْحَمْدُ لِلَّـهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ مَالِكِ يَوْمِ الدِّينِ إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ اهْدِنَا الصِّرَاطَ الْمُسْتَقِيمَ صِرَاطَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ
Maʼno tarjimasi: 2. Hamd olamlarning Robbi – Allohgadir. 3. U Rohman va Rohiymdir. 4. Jazo-mukofot kunining egasidir. 5. Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam soʻraymiz. 6. Bizni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilgin. 7. Oʻzing neʼmat berganlarning yoʻliga: gʻazabga qolganlarnikiga ham emas, adashganlarnikiga ham emas.

Sunnat, nafl, vojib namozlarning har rakʼatida, farz namozlarning esa birinchi ikki rakʼatida Fotiha surasidan keyin zam sura, yaʼni biror sura yoki uzunroq oyat yoki kamida uchta qisqa oyat oʻqiladi. (Quyida misol uchun Nas surasi berildi.)

قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ النَّاسِ مَلِكِ النَّاسِ إِلَهِ النَّاسِ مِن شَرِّ الْوَسْوَاسِ الْخَنَّاسِ الَّذِي يُوَسْوِسُ فِي صُدُورِ النَّاسِ مِنَ الْجِنَّةِ وَالنَّاسِ
Maʼno tarjimasi: 1. Ayt: «Odamlar Robbidan panoh soʻrayman... 2. odamlar Podshohidan... 3. odamlar Ilohidan... 4. berkinib, koʻrinib turuvchi vasvasachining... 5. odamlarning koʻkslariga vasvasa soladiganning... 6. jinlar va odamlardan boʻlganning yomonligidan (panoh soʻrayman)».

Farz namozlarning uchinchi va toʻrtinchi rakʼatida Fotiha surasidan keyin zam sura oʻqilmaydi.

4. Rukuʼ

Fotiha yoki zam suradan keyin takbir aytib, rukuʼga egilamiz. Rukuʼda boldirlar tik turadi, ikki qoʻl bilan tizzalarni changallab turamiz, tizzani bukmaymiz, boshni egmaymiz. Orqamiz ham tekis turishi kerak. Shu holatda kamida uch marta «Subhaana Robbiyal aziym» deymiz.

Subhaana Robbiyal aziym.
سُبْحَانَ رَبِّيَ الْعَظِيمِ
Maʼnosi: Ulugʻ Robbim nuqsonlardan pokdir.

Rukuʼ qilgan holda oʻzimizni xotirjam his qilib, hotirjam turgandan soʻnggina shoshilmasdan rukuʼdan qaytamiz.

5. Qiyom

Namozni yolgʻiz oʻqiyotgan boʻlsak, «Samiʼallohu liman hamidah» deb, qaddimizni tiklaymiz va «Robbanaa, lakal hamd» deymiz. Jamoat namozida esa imom «Samiʼallohu liman hamidah» deydi, iqtido qilganlar esa ichida «Robbanaa, lakal hamd» deydi.

Samiʼallohu liman hamidah. Robbanaa, lakal hamd.
سَمِعَ اللَّهُ لِمَنْ حَمِدَهُ رَبَّنَا وَلَكَ الْحَمْدُ
Maʼnosi: Kim hamd aytsa, Alloh uni eshitadi. Robbimiz, Senga hamd boʻlsin.

Qachonki qaddimiz toʻliq tiklanib, biroz moʻʼtadil turmogʻimiz lozim.

6. Sajda

Qaddimizni toʻliq tiklab, tik turib olgach, takbir aytib, sajdaga ketamiz.

Sajdaga borayotganida avval tizzani, keyin qoʻlni yerga qoʻyamiz, keyin esa ikki qoʻlning orasiga boshimizni qoʻyamiz.

7. Sajda

Sajdada turganda qoʻlning barmoqlari qiblaga qarab turishi kerak. Peshona bilan burunni yerga tekkizamiz, qoʻltiqlarimiz ochilib turadi, qorin songa tegmay turadi. Oyoq barmoqlari ham qiblaga qarab turadi. Shu holatda kamida uch marta «Subhaana robbiyal aʼla» deymiz.

Subhaana robbiyal aʼla.
سُبْحَانَ رَبِّيَ الْأَعْلَى
Maʼnosi: Oliy Robbim nuqsonlardan pokdir.

Sajda qilgan holda oʻzimizni xotirjam his qilib, hotirjam turgandan soʻnggina shoshilmasdan sajdadan qaytib oʻtiramiz.

8. Jalsa

Keyin takbir aytib, sajdadan boshni koʻtaramiz va chap oyoqni yotqizib, uning ustiga oʻtiramiz. Oʻng oyoq tik holatda qoladi, barmoqlari qiblaga qarab turadi. Ikki qoʻlimiz ikki tizzaning ustida boʻladi.

Oʻtirgan holda oʻzimizni xotirjam his qilib, biroz hotirjam oʻtirgandan soʻnggina shoshilmasdan ikkinchi sajdaga boramiz.

9. Sajda

Keyin takbir aytib, ikkinchi sajdaga boramiz va kamida uch marta «Subhaana robbiyal aʼla» deymiz.

Sajda qilgan holda oʻzimizni xotirjam his qilib, hotirjam turgandan soʻnggina shoshilmasdan sajdadan qaytib oʻtiramiz.

10. Qiyom

Yana takbir aytib, keyingi rakʼatga turamiz. Sajdadan turishda avval boshni, keyin qoʻllarni, keyin tizzani koʻtaramiz.

11. Ikkinchi rakʼat

Ikkinchi rakʼat ham xuddi birinchi rakʼatga oʻxshab oʻqiladi. Faqat boshida takbiri tahrima, sano va «aʼuzu» aytilmaydi. Fotihani oʻqib, soʻng zam surani oʻqib, takbir aytib rukuʼga egilamiz. Keyin turib, takbir aytib, ikki marta sajda qilamiz.

12. Qaʼda

Ikkinchi rakʼatning ikkinchi sajdasini qilib boʻlgandan keyin chap oyoq ustiga oʻtiramiz, oʻng oyoqning barmoqlari qiblaga qarab turaveradi. Oʻng qoʻlni oʻng tizza ustiga, chap qoʻlni chap tizza ustiga, barmoqlarni yoygan holda qoʻyamiz. Keyin tashahhud oʻqiymiz.

«Attahiyyatu lillahi vassolavatu vattoyyibat. Assalamu ʼalayka ayyuhan-nabiyyu va rohmatullohi vabarokatuh. Assalamu ʼalayna va aʼlaa ibaadillaahis solihiyn. Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ʼabduhu va rosuluh».
التَّحِيَّاتُ لِلَّهِ وَالصَّلَوَاتُ وَالطَّيِّبَاتُ، السَّلَامُ عَلَيْكَ أَيُّهَا النَّبِيُّ وَرَحْمَةُ اللهِ وَبَرَكَاتُهُ، السَّلَامُ عَلَيْنَا وَعَلَى عِبَادِ اللهِ الصَّالِحِينَ، أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ.
Maʼnosi: «Barokatli tabriklar va pokiza salavotlar Alloh uchundir. Ey Nabiy! Senga salom, Allohning rahmati va barakasi boʻlsin. Bizlarga va Allohning solih bandalariga salom boʻlsin. Allohdan oʻzga iloh yoʻq deb guvohlik beraman va albatta, Muhammad – Allohning Rasuli deb guvohlik beraman».

13. Salom

Agar namozi ikki rakʼatli boʻlsa, tashahhuddan keyin salavotlarni («Allohumma solli...» va «Allohumma barik...»larni) oʻqiymiz.

«Allohumma solli ʼalaa Muhammadiv va ʼalaa ali Muhammad. Kama sollayta ʼalaa Ibrohima va ʼalaa ali Ibrohim. Innaka hamidum majid. Allohumma barik ʼalaa Muhammadiv va ʼalaa ali Muhammad. Kama barokta ʼalaa Ibrohima va ʼalaa ali Ibrohim. Innaka hamidum majid».
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ. اللَّهُمَّ بَارِكْ عَلى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ.
Maʼnosi: Allohim! Ibrohimga va Ibrohimning ahli baytlariga Oʻz rahmatingni nozil qilganingdek, Muhammadga va Muhammadning oila aʼzolariga Oʻzingning ziyoda rahmatlaringni nozil qilgin! Albatta, Sen maqtalgan, ulugʻlangan Zotsan! Allohim! Ibrohimga va Ibrohimning ahli baytlariga Oʻz barakangni nozil qilganingdek, Muhammadga va Muhammadning oila aʼzolariga Oʻz barakangni nozil qilgin! Albatta, Sen maqtalgan, ulugʻlangan Zotsan!

Soʻng boshqa duolarni oʻqib, «Assalomu alaykum va rahmatullohi» deb, oʻng va chap tomonlariga qarab salom beramiz.

Assalamu ʼalaykum va rohmatulloh.
السَّلَامُ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَةُ اللَّهِ
Maʼnosi: Sizga tinchlik-omonlik, Allohning rahmati boʻlsin.

Agar namoz uch yoki toʻrt rakʼatli boʻlsa, ikki rakʼatning tashahhudini oʻqib boʻlib, keyin uchinchi rakʼatga turamiz va xuddi ikkinchi rakʼatga oʻxshatib, namozni davom ettiramiz. Lekin uchinchi va toʻrtinchi rakʼatlarda faqat Fotihaning oʻzini oʻqiymiz, zam sura oʻqimaymiz. Toʻrtinchi rakʼatning ikkinchi sajdasidan keyin oʻtirib, tashahhud, salavot va duolarni oʻqib, ikki tomonga salom beramiz.

Loyiha varianti — koʻrib chiqish uchun (rasmlar keyin qoʻshiladi)